Moddiy madaniyat va transformatsion jarayonlar

Jahonda sodir bo‘layotgan etnografik jarayonlar XXI asr boshida aholi sonining tez o‘sishi, urbanizatsiya jarayonlarining jadallashuvi va oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojning tobora ortib borishi, moddiy madaniyatda etnik xususiyatlarning unutilayotganligini tasdiqlamoqda. Shu bois, dunyoning rivojlangan Аngliya, Fransiya, Germaniya, Italiya kabi mamlakatlarining yirik ilmiy tadqiqot markazlari tomonidan XXI asr boshlarida jahon xalqlari va millatlarning madaniy hayotini etnologik jihatdan o‘rganish borasida tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu xorijiy ilmiy-amaliy tadqiqotlarda O‘zbekiston hududiga taalluqli etnomoddiy madaniyatga oid manbalarni yoritishga ham eʼtibor qaratilmoqda.
Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti, tarix fanlari doktori Nurullo Tursunov muallifligi ostida chop etilgan “O‘zbekistonning janubiy hududlari aholisi moddiy madaniyati: anʼanalar va transformatsion jarayonlar” nomli monografiyada ayni jihatlarga eʼtibor qaratilgan. Unda O‘zbekistonning janubiy hududlari aholisining moddiy madaniyatida kechgan transformatsion jarayonlar tadqiq qilingan bo‘lib, asosan, moddiy madaniyat inson omiliga, yaʼni etnik tarixga, hududiy aholi manzilgohiga, turar-joyga, kiyim-kechaklarga, turmush tarziga, anʼanaviy oziq-ovqatga qanday hissa qo‘shganligi ilmiy mushohada qilingan.
Monografiya soha vakillari bilan birga, kitobsevar sayyohlar uchun ham mo‘ljallangan bo‘lib, boy tariximiz durdonasi bo‘lgan madaniy merosimizni kelajak avlodlar uchun bezavol yetkazishda muhim manba sifatida xizmat qiladi.