Ochiq dars

Mashhur rus pedagogi Lesgaftning fikricha, insonning bog’cha yoshidagi davri shunday bir bosqichki, bu davrda bolalarda xarakter xislatlarining namunalari shakllanib, axloqiy xarakterning asoslari yuzaga keladi. Shunday ekan, har bir mutaxassis bola bilan ishlashdan oldin chuqur bilim va ko’nikmalarga ega bo’lishi lozim.
Termiz iqtisodiyot va servis universitetining Pedagogika va ijtimoiy-gumanitar fanlar fakulteti maktabgacha ta'lim yoʻnalishi 1-bosqich talabalari uchun ochiq dars tashkil qilindi. Dars mobaynida talabalarga “Maktabgacha yoshdagi bolalarda tafakkur rivojlanishi va psixodiagnostikasi” mavzusi bo’yicha manbalarga asoslangan holda nazariy bilimlar berildi.
Shuningdek, bolalar psixologiyasi, bolalarda psixik jarayonlarning (maʼrifiy, nutqiy, hissiy, irodaviy) paydo boʻlishi va rivojlanishini, psixik xususiyatlar qaror topishi, xilma-xil faoliyatning (oʻyinlar, oʻqish, mehnat) rivojlanishini, bolaning shaxs sifatida shakllanishi borasida muhim sanalgan omillarga alohida to’xtalib o’tildi.