Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli

Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli

  • 29.01.2025
  • 5
Blog Image

Millatni qanday millat boʻlib shakllanishida onaning – ayolning mehnati beqiyosdir. Ayol buyuk bir qudrat egasi. Uning mehri, sabri, aqli va salohiyati orqali butun dunyo oʻzgarishi va yaxshilanishi mumkin. Ayollarning roli ham oilada, ham jamiyatda muhimdir.

U — mehr-muhabbat va ilhom manbaidir. Shu bois ham ular qadr-qimmatga, e’zozga munosib. Yurtimizda ana shunday xotin-qizlarimizga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugun mamlakatimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, oila va farzand tarbiyasida ibrat, oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan tizim nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari boʻlgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni jamoatchilikka yaqindan tanishtirish, ilgʻor ish tajribasini ommalashtirish, professional salohiyati, ishbilarmonlik, raqobatbardoshlik sifatlari va bilim darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida “Yil ayoli” milliy tanlovi oʻtkazilib kelinmoqda.

Bu yilgi tanlovning viloyat bosqichida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti boshlangʻich ta’lim yoʻnalishi (sirtqi) 3-bosqich talabasi, shoira Dilnoza Saidova ham ishtirok etdi va “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

— Men uchun "Yil ayoli" tanlovida gʻolib boʻlish juda katta sharaf va mas’uliyatdir. Bu faqatgina shaxsiy yutugʻim emas, balki menga ishongan va qoʻllab-quvvatlagan insonlar yutugʻidir, — deydi Dilnoza Saidova. — Shu jumladan, mening necha yillik orzuimning ushalishiga imkon bergan, universitetimizning ham yutugʻidir. Avvalo, bu sharafli e’tirof uchun menga ishonch bildirgan barchaga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Iste’dodli qahramonimiz O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, bu yil uning “Oltin qalam” ilmiy to‘plami nashrdan chiqdi. Qolaversa, “Yilning eng faol maʼrifat targʻibotchisi” respublika koʻrik tanlovida ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Shoiraning bu yutuqlari — mehnat, sabr, va ishonchning samarasidir. Universitetimiz talabalarining shunday e’tirofga sazovor boʻlishi biz uchun ham faxrdir.

Feruza ABDURAHMONOVA

Universitet 
Iqtisodiyot va servis universitet,
Nuringla qalbimni sen ilit.
Yuksakka eltayin shoningni,
Taratay dunyoga nomingni.

Maʼrifat nuriga burkanay,
Bilimingdan biroz oʻrganay.
Boʻlding, sen, baxtimning elchisi,
Koʻnglimga maʼrifat kuychisi.

Kel meni koʻklarga qoʻndirgin,
Uchqunman alanga oldirgin.
Tutayin Ulugʻbek yulduzin,
Topayin Navoiy yogʻdusin.

Boburning ishqidan olayin,
Farobiy misoli yonayin.
Buxoriy ilmiga esh boʻlay,
Samoga koʻz tikkan qush boʻlay.

Unversitet sen menga baxt berding,
Bilimga balqigan taxt berding.
Bagʻringdan otilgan nur boʻldim,
Maʼrifat ishqida kul boʻldim.

Mehrimni men senga boyladim,
Tarixga nomingni joylagum.
Yuksakka koʻtaray shoningni,
Asrayin yurakda nomingni.

Bilimga mushtoqlar kelsinlar,
Bagʻringda quyoshdek kulsinlar.
Barchani bagʻringga chorlagin,
Boshimda quyoshdek porlagin!

Dilnoz MUSHFIQ,
boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi (sirtqi) 3-bosqich talabasi