Termiz shahrida nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etishda qonunchilik talablari, ularda qabul jarayonlari va imtihon tartib qoidalari to‘g‘risida jurnalist va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Termiz shahrida nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etishda qonunchilik talablari, ularda qabul jarayonlari va imtihon tartib qoidalari to‘g‘risida jurnalist va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

  • 10.12.2022
  • 11045
Blog Image

Yangilikka, ta’lim olishga intilish shaxs tug‘ilishi bilan shakllanib boradi. Shu maqsad yo‘lida tinimsiz intilgan kishi yillar o‘tgan sayin dunyoqarashini shakllantiradi, tajriba orttiradi. Oliy ta’lim olishga havas qilib, talaba bo‘lishni orzu qiladi. Bugungi zamon islohotlarining amaldagi ifodasi ta’lim olish uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani sir emas. Xususan, ilgarilari oliy ta’lim muassasasi viloyatimizda yagona bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning soni bir nechta. Davlat universitetlari bilan bir qatorda nodavlat universitetlarining ochilishi esa yana bir quvonarli holatga aylandi.

Termiz iqtisodiyot va servis universitetining ochilishi haqidagi xabarlar, uning qabul jarayoni qay tarzda kechayotgani haqidagi ovozalar keng tarqalganidan ko‘pchilikda turfa xil savollar paydo bo‘lgani tabiiy. Nodavlat universitetning ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida yangi ta’lim muassasasining huquqiy asosi, qabul jarayoni, unga bo‘lgan qiziqish darajasi, yo‘nalishlar, o‘qituvchilar tanlovi, bitiruvchilarga beriladigan diplom darajalari va imkoniyatlar haqida keng ma’lumotlar berildi.

—Bu yilga o‘qish mavsumi uchun qabul jarayonlarini 21-noyabrdan boshlab yubordik, — deydi o‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha rektor o‘rinbosari Shavkat Otamurodov. — Ta’lim maskanimizda o‘qish kunduzgi hamda sirtqi shaklda olib boriladi. Universitet 3 mingtagacha talaba qamroviga ega bo‘lib, hozirgi kungacha ta’lim olish istagini bildirganlar soni 1.5 mingdan ziyod. Bu yil o‘qishga kirish shartlari suhbat asosida amalga oshirilmoqda. Professor, o‘qituvchilar abituriyentlarning bilim salohiyatini topshirayotgan yo‘nalishlari asosida suhbatdan o‘tkazishmoqda.

Nodavlat universitetning huquqiy maqomini belgilovchi normalarning yetarli emasligi o‘qish istagida bo‘lgan abituriyentning ko‘ngliga g‘ashlik tuyg‘usini soladi. Shuning uchun ham ko‘p hollarda abituriyent davlat ta’lim muassasasida o‘qish istagi bilan murojaat qiladi. Bunga yetarlicha asos bor, albatta. Nodavlat ta’lim muassasalarining ko‘p hollarda qisqa umr ko‘rishi, buning ustiga oraga kiruvchi firibgar shaxslarning ta’siri bu turdagi universitetlar haqida salbiy fikrlarni shakllantirishga xizmat qilib keldi. Ushbu nodavlat ta’lim muassasasi to‘liq huquqiy maqomga ega bo‘lgan lisenziya asosida tashkillashtirilgan. Ya’ni, universitet, shubhasizki, davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Unda o‘qish istagini bildiruvchilar hech ikkilanmasdan o‘z oldiga faqat ta’lim olishnigina maqsad sifatida qo‘yib, erkin hujjat topshirishlari mumkin.

—Hozirgi kunda nodavlat ta’lim muassasasini ochish istagida bo‘lganlar haddan ortiq, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Surxondaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i Alisher Pardayev. — Lekin, hamma ham belgilangan talablarga javob bera olmaydi. Buning uchun 100 dan ortiq talablar qo‘yiladi. Birinchi navbatda tadbikorning hisobida yetarlicha mablag‘ bo‘lishi kerak. Axborot-resurs markazlari, zamonaviy texnologiyalar bilan to‘la ta’minlangan xonalar, sport zallari, tibbiy ko‘rik zonalariga ega hududni shakllantirmog‘i, 20 dan ortiq professor-o‘qituvchilarni jalb eta olishi kerak. Shu qadar jiddiy talablar ostida ochilgan universitet o‘z-o‘zidan, osonlikcha yopilib ketmasligi tabiiy. Ammo, shunday bo‘lgan taqdirda ham, ya’ni universitetni yopishga to‘g‘ri kelganda ham, eng oxirgi o‘qishga kirgan talabalar bitirgach, bu holat ro‘y berishini biz kafolatlaymiz.

Raqobat yo‘q joyda o‘sish bo‘lishi amri mahol. Yangi ta’lim muassasalarining, ayniqsa, universitetlarning ko‘plab ochilishi raqobatbardoshlilikni shakllantirish orqali sifatli kadr ishlab chiqarish darajasini yanada oshiradi. Nodavlat universitetida yaratgan, yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan muhit boshqa barcha davlat universitetlar bilan teng raqobat holatini shakllantira olish sharoitiga ega ekanligini ko‘rsatib turibdi. Universitet o‘zining besh yillik strategiyasini ishlab chiqqan. Unda universitet xalqaro reytingga chiqib, dunyoning kuchli mingtalik oliygohlari qatoriga kirish, xorijning rivojlangan universitetlari bilan aloqalarini mustahkamlash, tajriba almashish, chet eldan professor-o‘qituvchilarni olib kelish va o‘zimizning o‘qituvchilarning ta’lim malakasini oshirish, o‘qituvchilarni ilmiy ish qilish maqsadida chet ellarga yuborish, mamlakatimizdagi hamda rivojlangan mamlakatlardagi yetuk korxona va tashkilotlarga talabalarni universitet hisobidan amaliyot o‘tash uchun yuborish kabi maqsadlar ko‘zlangan.

O‘qish istagini bildirgan talabalarni qiziqtirgan, qiynagan masalalardan biri — turar-joy muammosi. Hozirgi kunda universitetda atigi 50 kishilik yotoqxona mavjud bo‘lib, kelgusida ularning sonini ko‘paytirish asosiy maqsad bo‘lib qolmoqda.

Bugungi kunda barcha rivojlangan ta’lim muassasalari kredit-modul tizimi orqali o‘qitish shaklini eng maqbuli sifatida qabul qilishmoqda. Termiz iqtisodiyot va servis universitetida ham o‘qitish tizimi aynan kredit-modul shaklida olib borilishi rejalashtirilgan. yangicha sharoit, zamonaviy o‘qitish shakliga ega bo‘lishni maqsad qilgan yangi o‘quv muassasasida o‘quv jarayonlari 2023-yilning 10-yanvaridan boshlanadi.