O‘zbekiston-Malayziya ta’lim forumi doirasida brifing bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston-Malayziya ta’lim forumi doirasida brifing bo‘lib o‘tdi

  • 04.02.2025
  • 312
Blog Image

O‘zbekiston va Malayziya oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida izchil va samarali hamkorlikni rivojlantirib, mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda. Ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi tashriflari va uchrashuvlari bu jarayonga kuchli turtki bo‘lib, ta’lim va ilmiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochmoqda.

 

Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov o’zining “Xorijiy tajriba, yangi bilimlar oliy ta’limda keng imkoniyatlar yaratadi” nomli maqolasida ma’lumot berib o’tdi.

 

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4-5-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining Malayziyaga oliy darajadagi tashrifi doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator muhim kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim, fan va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, innovatsion texnologiyalar hamda kadrlar tayyorlash sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga turtki bo‘lishi kutilmoqda.

 

 

Malayziya universitetlari bilan hamkorlik, ilmiy aloqalarni rivojlantirish va talabalarga xalqaro bilim olish imkonini taqdim etmoqda. Hozir O‘zbekiston va Malayziya oliygohlari o‘rtasida 94 ta bitim, shartnoma va kelishuv amal qilmoqda. Bu hamkorlik fan va ta’lim sohasidagi loyihalarni rivojlantirishga yordam beradi.

 

 

Mamlakatimiz yoshlari uchun Malayziya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyati kengaydi. Ayniqsa, muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va menejment sohalaridagi ta’lim dasturlari talabalar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bundan tashqari, Malayziyaning O‘zbekistondagi ta’lim forumlari va ko‘rgazmalari ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga yordam bermoqda. Bugun O‘zbekistonning 500 ga yaqin fuqarosi Malayziya oliy ta’lim muassasalarining turli yo‘nalishida tahsil olmoqda. Malayziya universitetlari tomonidan O‘zbekiston talabalari uchun ajratilayotgan grant va stipendiyalar ham ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishning muhim omillaridan. Ushbu grantlar orqali ko‘plab o‘zbekistonlik yoshlar xorijiy tajribani o‘rganish va kelajakda o‘z mamlakatida zamonaviy bilimlarni qo‘llash imkoniga ega bo‘lmoqda.

 

 

Bugun yurtimizning 4 ta oliy ta’lim muassasasi Malayziya universitetlari bilan hamkorlikda 5 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirmoqda. Bu sa’y-harakatlar ta’lim turizmini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda.

 

 

O‘zbekistonda 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan ikki davlat hamkorligida atrof-muhitni muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va uglerod izini kamaytirishga qaratilgan tadqiqotlar bajarilishi kutilmoqda. Bu kabi loyihalar doirasida qo‘shma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, oliy ta’lim hamda ilmiy tadqiqot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Malayziya olimlari o‘rtasida tajriba almashinuvi va stajirovkalar tashkil etilib, ilm-fan yutuqlarini o‘zaro bo‘lishish jarayoni yo‘lga qo‘yilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston milliy universitetida o‘tkazilgan “Malayziya va O‘zbekiston: oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi seminar ikki davlat universitetlari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish va talabalar almashinuvini rivojlantirish bo‘yicha yangi istiqbollarni belgilashda muhim o‘rin tutdi.