Liderlar uzoqni ko‘ra oladi

Liderlar uzoqni ko‘ra oladi

  • 04.04.2024
  • 280
Blog Image

Bugungi tadbirkorlar —  liderlik qobiliyatiga ega kuchli shaxslardir. Ular chin ma’noda odamlarning hayotini farovonlashtirish, davlat iqtisodiyotini rivojlantirishda katta kuch bo‘lib xizmat qiladi. Shu ma’noda o‘g‘il-qizlarimizni tadbirkorlikka jalb etish muhim vazifalardan biri sanaladi. 

Termiz iqtisodiyot va servis univesitetida MFaktor loyihasi asoschisi, Jalinga Global kompaniyasining rivojlanish bo’yicha direktori, yirik tadbirkor Hasan Mamasaidov va oliygoh talaba-yoshlari bilan tashkil etilgan uchrashuvda ayni jihatlarga e’tibor qaratildi.

Unda tadbirkorlikdagi muvaffaqiyat va mag‘lubiyat omillari haqida so‘z borar ekan, inson faqat o‘zining bilimi, harakati va oldiga qo‘ygan katta maqsadlari bilangina yuqoriga ko‘tarilishi mumkinligi hayotiy misollar bilan tushuntirib berildi. 

Bugun zamonaviy binoda tahsil olayotgan oliygoh talabalarining imkoniyatlari ilgarigi davrga qaraganda bir muncha kengligi, universitetning pulga topilmaydigan qiymatlari borligi haqida to‘xtalib o‘tildi. 

Ha, faqatgina diplom olish uchun emas, inson oliygohdagi tahsil davrida hayotidagi asosiy insonlarni, hamkorlarni topishi mumkinligini, eng muhimi, bu davrda uning kelajagiga tirgak bo‘la oladigan qadriyatlari shakllanishi haqida so‘z yuritildi. 

Qolaversa, qanday darajada bo‘lmaylik, xoksorlik, odamiylikkina bizning ziynatimiz bo‘lib qolishi zarurligi uqtirildi. 
Uchrashuvda talaba-yoshlar biznesdagi xatolar, tadbirkorlikda davlat va xususiy sektorning ulushi borasidagi savollar bilan murojaat qilishdi. 

Uchrashuv mehmoni ularning savollariga o‘zining hayotiy tajribalarida ko‘rgan-kechirganlari bilan batafsil javob qaytardi. Faol ishtirok etgan talabalarga mualliflik kitobi sovg‘a sifatida taqdim etildi.

Tadbir doirasida, Hasan Mamasaidov tomonidan universitetimiz ta’sischisi Jamshid Pardayevga Jalinga Global kompaniyasining yaqin hamkorlik uchun minnatdorchilik ramzi sifatida maxsus sovg‘asi topshirildi.